Ilm, innovatsiya va ilhom – “Oliygoh kubogi” institutimizda
Bugun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Oliygoh kubogi” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlov to‘qimachilik muhandisligi, mexanika va avtomatika muhandisligi, kimyoviy texnologiya va matbaa muhandisligi hamda charm va mo‘yna muhandisligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi.
Tadbir ochilishida institut rahbariyati yoshlarning muhandislik sohasiga bo‘lgan intilishlarini e’tirof etib, ularga ishonch va omad tiladi. Tanlov nafaqat bilimlar sinovi, balki ilm, kreativlik va kelajak kasbiga bo‘lgan muhabbatning tantanasi bo‘ldi.
Tanlov jarayonida talabalar o‘z bilim va iqtidorlarini, kasbiy yondashuvi va texnik tafakkurini amaliy loyihalar orqali namoyon qilishdi. Har bir ishtirokchi o‘z yo‘nalishiga mos innovatsion g‘oyasi bilan ajralib turdi.
Musobaqa davomida tashkil etilgan ko‘rgazma esa talabalarimizning zamonaviy texnologiyalar, dizayn va muhandislikka oid ishlanmalaridagi yondashuvlarini keng ommaga namoyish etdi.