04:12 Shanba 28 Fevral 2026 (GMT+5)
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
  • Grant
  • Elektron kutubxona
  • Masofaviy ta'lim
  • Hemis
  • Elektron pochta
Virtual qabulxona

REKTOR MUROJAATI

27.02.2026
11

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektorining Murojaati

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq va samimiy muloqot mamlakatimiz taraqqiyotida yoshlar masalasi ustuvor yo‘nalish ekanini yana bir bor tasdiqladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar — yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, volontyorlik va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish — oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti ushbu vazifalarni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilaydi. Xususan, institutimizda payshanba — “Yoshlar kuni” doirasida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” davomida talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi loyihalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Prezidentimiz tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha e’lon qilingan yangi moliyaviy mexanizmlar, xususan, “Kelajak tadbirkori” dasturi, “Yoshlar biznes inkubatori” tizimi va innovatsion startaplarni moliyalashtirish tashabbuslari institutimiz faoliyati bilan hamohangdir. Shu maqsadda institutda “Yoshlar biznes inkubatori” faoliyatini yo‘lga qo‘yildi. Mazkur inkubator orqali talabalarning biznes g‘oyalarini amaliy loyihaga aylantirish, buxgalteriya, marketing, moliyaviy boshqaruv va investitsiya jalb etish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

Iqtisodiyot fakultetida jahon fond birjalari faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish tizimini joriy etish tashabbusi ham yoshlarning global iqtisodiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa talabalarimizni xalqaro moliyaviy bozorlarda erkin harakatlana oladigan mutaxassis sifatida tayyorlashga zamin yaratadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim, sport va kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida institutda sport-sog‘lomlashtirish to‘garaklariga malakali sport ustalarini jalb etish, shuningdek, hozirda tashkil etilgan har bir fakultet binosidagi kutubxona burchaklarini yanada boyitish orqali mutolaa madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Kelgusida kitobxonlikni rag‘batlantirishning zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi.

Shuningdek, talabalarimiz uchun nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida grant asosida malaka oshirish va akademik tajriba orttirish imkoniyatlarini kengaytirish ustida izchil ish olib borilmoqda. Bu yoshlarning xalqaro maydonda raqobatbardosh kadr sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.

Biz yoshlarni nafaqat bilimli mutaxassis, balki tashabbuskor tadbirkor, innovator va jamiyat hayotida faol fuqarolar sifatida tarbiyalashni o‘z oldimizga ustuvor maqsad qilib qo‘yganmiz. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, birorta yigit-qiz e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Institutimiz jamoasi ushbu yuksak ishonchni oqlash, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularni ishli, daromadli hamda zamonaviy fikrlaydigan avlod sifatida tarbiyalash yo‘lida barcha zarur choralarni ko‘radi.

Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning hal qiluvchi kuchidir. Biz ularning har bir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat

instituti rektori Vaxabov Davron Abdujalalovich

Saytni yangi dizayni yoqdimi?